Farg‘onada 18 yoshli yigitcha pichoq bilan haydovchiga hujum qildi
Farg‘ona viloyati. Joriy yilning 15 may kuni soat taxminan 21:15 da 18 yoshli M. Muxriddin Farg‘ona shahar markazida A.Zoxid bilan kelishib, uni “taksi” sifatida yollab, “Spark” rusumli avtomashinasida Farg‘ona shahar “8-mart” ko‘chasida joylashgan adirlikka olib borib, A.Zoxid shaxsiy ishi bilan avtomashinasini to‘xtatib, pastga tushganidan foydalanib, avtomashinani qo‘lga kiritish maqsadida yonida bo‘lgan pichoq bilan unga hujum qilib, qorin sohasiga bir marotaba urib, transport vositasini bosqinchilik yo‘li bilan nomaʼlum tomonga olib qochgan.
Mazkur holat bo‘yicha Farg‘ona viloyati bo‘yicha olib qochilgan avtomashinani “to‘sib ushlash” tadbiri eʼlon qilinib, o‘tkazilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni sodir qilgan M.Muxriddin Farg‘ona tuman Oqtom MFY hududida qo‘lga olinib, protsessual tartibda ushlangan.
Yuqoridagi holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan M.Muxriddinga nisbatan JKning 267-moddasi 3-qismi “v” bandi (transport vositasini talon-toroj qilish maqsadida bosqinchilik yo‘li bilan olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, M.Muxriddin avtomashina haydovchisi A.Zoxid unga qo‘pol xazil qilganligi, bu unga yoqmaganligini, shundan so‘ng avtomashinani olib qochib, YPX xodimlarini chalg‘itish maqsadida avtomobil davlat raqamlarini yechib olganligini, so‘ng o‘zining do‘stlarini oldiga yangi avtomashinani maqtangani borganligini, biroq YPX maskanidan o‘tayotgan vaqtida IIO xodimlari tomonidan majburiy ravishda to‘xtatilganligi aniqlangan.
Tergov harakatlari davomi etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti