O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Farg‘onada uch nafar fuqaro aloqa kompaniyasi ofisiga hujum uyushtirdi

Farg‘ona viloyati. 2022 yil 19 fevral kuni soat 00:17 da nomaʼlum shaxslar yuziga niqob taqib, pichoq bilan qurollanib, Oltiariq tumani “O‘zbekiston” ko‘chasida joylashgan uyali aloqa kompaniyasi dilerlik shoxobchasiga g‘ayriqonuniy tarzda kirib, u yerda bo‘lgan 21 yoshli T.Z.ga hujum qilib, unga pichoq tirab, hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, qo‘llari bilan urib, tan jarohati yetkazib, shoxobchada bo‘lgan 5.000.000 so‘m pullarni talon-toroj qilib, hodisa bo‘lgan joyidan yashiringan.

Natijada T.Z. olgan tan jarohatlari bilan Oltiariq tuman tez tibbiy yordam markaziga murojaat qilib, unda tez tibbiy yordam markazidan berilgan maʼlumotnomaga ko‘ra “burun suyagini yopiq sinishi, burun sohasida shilingan jarohat” aniqlangani ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Oltiariq tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan nomaʼlum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyatni Oltiariq tumanida yashovchi 31 yoshli A.X., 30 yoshli E.O. va M.A.lar tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, ulardan mazkur jinoyatni sodir etishda foydalangan narsa va buyumlar hamda jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan pullar evaziga sotib olingan buyumlar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda yuqoridagi shaxslar jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlanishgan.

Tergov harakatlari davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech