Fuqarolik sudida tanishlari bo‘lgan firibgar, endi jinoyat ishlari bo‘yicha sudda javob beradi
Toshkent viloyati. 2022 yil 18 yanvar kuni 34 yoshli M.B. Angren shahar IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda 2021 yil fevral oyidan oktyabr oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 50 yoshli X.B. Angren shahridagi egasiz bo‘lgan ko‘p qavatli uylardan bir nechtasini Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudi orqali “egasiz” deb topib, nomiga rasmiylashtirib berishini vaʼda qilib, undan jami 9.800 AQSH dollar pullarni firibgarlik yo‘li bilan olib, shu kunga qadar uyni olib bermasdan hamda bergan pullarini qaytarmasdan kelayotganligini maʼlum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rib, pullarni qaytarib olishda amaliy yordam berishni so‘ragan.
Mazkur holat bo‘yicha Angren shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha M.B.,dan olingan pullar X.B. tomonidan qay tarzda va nimalarga sarflanganligi aniqlanmoqda.
Hurmatli fuqarolar, osonlik bilan biron-bir mulkka egalik qilish ilinjida, misqollab yiqqan pullaringizni kimga va nima uchun o‘z qo‘llaringiz bilan topshirayotganligingizga ahamiyat bering.
Yodingizda tuting. Firibgarlar Sizni ishontirish uchun turli hiylalarni qo‘llashlari mumkin. Ogoh bo‘ling!
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti