Giyohvandlik vositalarini pullayotgan shaxslarning zanjiri uzildi
Toshkent viloyati. 2022 yil 31 mart kuni Toshkent viloyati IIBB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi Tog‘li chegara tezkor xizmat bo‘limi xodimlari va Bo‘stonliq tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida, shartli ravishda xaridor sifatida jalb qilingan fuqaro o‘zini “Anvar” deb tanishtirgan shaxs orqali “Doniyor” va “Xatam” lar bilan G‘azalkent shahri Mustaqillik ko‘chasida uchrashib, o‘zaro kelishilgan 3.2 mln. so‘m miqdoridagi pullarni “Doniyor” orqali “Xatam” ga berib, jami 3 dona gugurt qutilari va 1 dona qog‘oz o‘ramiga o‘ralgan “Marixuana” giyohvandlik moddasini sotib olgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Bo‘stonliq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan yuqoridagi shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlanganlar.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti