“Xo‘roz urishtirish o‘yini”ni tashkil qilgan ishqibozlarining faoliyatiga chek quyildi
Namangan viloyati. 2022-yilning 25-yanvar kuni Namangan viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, 54 yoshli M.S. o‘zining Pop tumani Mingak ko‘chasida joylashgan dala yer maydonini 41 yoshli M.U. bilan birgalikda qimorxona tashkil qilish maqsadida uni atrofini polietilen paket bilan o‘rab, maxsus tayyorlangan joy qilib, unda fuqarolarni qonunga xilof ravishda qimor va tavakkalchilikka asoslangan “xo‘roz urishtirish o‘yini”ni tashkil etib, o‘yinda ishtirok etish va tomosha qilish uchun kelgan shaxslardan 25.000 so‘m pullar olib, qimorxona tashkil etib kelayotganligi aniqlangan. Tezkor tadbir davomida tadbir ishtirokchilari tomonidan hodisa joyi ko‘zdan kechirilib, unda 8 dona dakan xo‘roz, 176 dona kirish chiptalari va 3.000.000 so‘m pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Pop tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan M.S. hamda M.Ul,larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-modda 1-qismi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Taʼkidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
Ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti