Ijtimoiy tarmoqdagi "soxta tanishuv" va "soxta uchrashuv" jinoyat bilan yakunlandi
Toshkent shahar. 2023-yil 17-mart kuni soat 01:30 larda Samarqand viloyatida yashovchi 33 yoshli E.D. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga murojaat qilib, o‘zining murojaatida joriy yilning 16-mart kuni soat 23:30 larda Sergeli tumani Jaloyir MFY.da notanish shaxslar uni urib tan jarohati yetkazganini maʼlum qilgan.
Olib borilgan tergovga qadar surishtiruv ishlari davomida mazkur holatga aniqlik kiritilganida gumonlanuvchilar 22 yoshli R.M. va voyaga yetmagan 17 yoshli M.M. o‘zganing mulkini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida jabrlanuvchi bilan internet ijtimoiy tarmog‘i orqali tanishib, uni joriy yilning 16 mart kuni soat 23:30 larda Sergeli tumani Jaloyir MFY. Beshko‘prik ko‘chasiga chaqirishib so‘ngra uni urib unga tan jarohati yetkazib, narxi 3.000.000 so‘mlik “Hanor 8A” rusumli uyali telefon apparatini, qora rangli polietilen paket ichida bo‘lgan 6.000.000 so‘m pullarni, egnida bo‘lgan narxi 400.000 so‘mlik sport kurtkasini, narxi 250.000 so‘mlik shimini va narxi 450.000 so‘mlik oyoq kiyimini bosqinchilik yo‘li bilan tortib olib hodisa joyidan yashirinishganligi aniqlangan.
Tezkor-qidiruv tadbirlar natijasida gumonlanuvchilar qo‘lga olinib ulardan bir dona “Hanor 8A” rusumli uyali telefon apparati ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Sergeli tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan R.M. va voyaga yetmagan M.M.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 164-moddasi 2-qismi “B” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular protsessual tartibida ushlangan.
Hozirda jinoyatning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.
Muallif: Tergov departamenti katta tergovchisi
mayor F.Saloxov
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti