O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Talonchilar qo‘lga kiritgan “Iphone-11 pro” rusumli uyali telefon apparati jabrlanuvchiga qaytariladi  

 

Farg‘ona. 2020 yilning 26 oktyabr kuni 4 nafar nomaʼlum shaxslar Farg‘ona shahar G‘oliblar ko‘chasiga kirish qismida voyaga yetmagan M.N.,ni urib, qo‘lida turgan narxi 950 AQSH dollarlik “Iphone-11 pro” rusumli uyali telefon apparatini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringanlar.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida, M.N.,da “pastki jag‘ sohasida shilinma” aniqlanib, bu tan jarohatlari 6 kundan ortiq bo‘lmagan ozgina tez o‘tib ketuvchi yengil shikastlar toifasiga kirishi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “v” bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari davomida, ushbu jinoyatni Asaka tumanida yashovchi fuqarolar 19 yoshli E.R., A.J., 20 yoshli B.I., hamda voyaga yetmagan 17 yoshli O.G‘.,lar sodir etganliklari aniqlangan. Ular ushbu uyali telefon apparatini jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritganligini yashirgan holda Andijon shahridagi “Botir” ismli shaxsga 400 AQSH dollariga sotib yuborgan hamda pullardan 100 AQSH dollarini A.J., 100 AQSH dollarini voyaga yetmagan O.G‘., 50 AQSH dollarini B.I., va qolgan 150 AQSH dollarini E.R., o‘zaro taqsimlab olishgan. Shuningdek, B.I., dan o‘zi 50 AQSH dollari evaziga sotib olgan bir dona “Power bank” nomli telefon quvvatlagich va bir dona “Airpods pro-4” nomli quloqchin (naushnik) tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Bundan tashqari, “Botir” ismli shaxs ushbu “Iphone-11 pro” rusumli telefon apparatini “Jasur” fuqaroga 450 AQSH dollariga sotib yuborgan. Tergov jarayonida “Jasur”ning otasidan voyaga yetmagan M.N.,ga tegishli bo‘lgan “Iphone-11 pro” rusumli telefon apparati tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Dastlabki tergov jarayonida, B.I., va E.R.,larga nisbatan JKning 166-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari bilan ayblov eʼlon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan hamda A.J. va O.G‘.,lar esa protsessual tartibda ushlanganlar.

Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech