Yangi qurilayotgan uylardan gaz hisoblash uskunalari muntazam o‘g‘irlanishi bartaraf etildi
Toshkent shahar. 2023 yil 13 aprel kuni 39 yoshli Q.S. ariza bilan murojaat qilib, unda o‘zi rahbarlik qilayotgan MCHJ tomonidan qurilayotgan Toshkent shahar Yangihayot tumanida joylashgan qurilish obyektida joylashgan 16 qavatli ko‘p qavatli uylardan nomaʼlum shaxslar tomonidan o‘g‘irlik bo‘layotganligini va hozirgi kunga qadar 22-chi va 23-chi uylardan har birining bahosi 1.091.400 so‘mdan bo‘lgan jami 10.914.000 so‘mlik 10 dona “Osten” rusumli gaz hisoblash uskunalari yo‘qolganligini maʼlum qilib, ushbu gaz hisoblash uskunalarini topishda va nomaʼlum shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida, mazkur jinoyatni 2022 yil dekabr oyidan 2023 yilning 12 aprel kuniga qadar Yangihayot tumani joylashgan qurilish obyektida joylashgan 23 va 24-uylarining 10, 15, 20, 25, 44, 45, 49 va 50 xonadonlaridan 32 yoshli X.D. va 25 yoshli J.M. lar g‘ayriqonuniy ravishda kirib, ushbu xonadonlarga o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunalarini yashirin ravishda talon-taroj qilganliklari, so‘ngra esa mazkur uskunalarni 32 yoshli A.S. va 29 yoshli O.A.larga 500-600 ming so‘m pullarga sotishganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Yanghiayot tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasi 2-qismi “v, g” bandlari (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida mazkur jinoyatga boshqa aloqador bo‘lgan shaxslarga nisbatan, huquqiy baho berilishi taʼminlanadi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti