O‘t oldirish joyida qoldirilgan kalit avtomashinani olib qochishga sabab bo‘ldi.
Toshkent viloyati. 2020 yil 12 yanvar kuni taxminan soat 05:30 larda noma'lum shaxs, Chirchiq qurilish texnikasi zavodining avtoturargohida 30 yoshli Z.A. tomonidan qarovsiz qoldirilgan «Cobalt» rusumli avtomashinaning signalizasiyasi yo‘qligi va o‘t oldirish joyida kalit qoldirilganligidan foydalanib, orqa yon oynasini sindirib, avtomashinani noma'lum tomonga olib qochgan.
Holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida olib qochilgan avtomashina oynalari sindirilgan holatda Bo‘stonliq tumanidagi Tantana ko‘chasidan topilgan. Shuningdek, ushbu jinoyatni Sirdaryo viloyatida doimiy ro‘yxatda turuvchi vaqtinchalik Chirchiq shahrida yashab kelayotgan 37 yoshli E.X. sodir qilganligi aniqlanib, prosessual tartibda gumon qilinuvchi tariqasida ushlangan.
Hozirda E.X.ga nisbatan ayblov e'lon qilish va ehtiyot chora tanlash choralari ko‘rilmoqda.
Hurmatli fuqarolar moddiy boyliklaringizga befark bo‘lmang, avtomashinani qulflanganligiga ishonch hosil qiling va kalitni o‘t oldirish joyida qoldirmang.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.