“Ko‘knor” boshoqlari yurtimiz mehmonida aniqlandi
Toshkent shahri. 2021 yilning 26 yanvar kuni soat 10:30larda, Bektemir tumanida joylashgan “Bektemir” YPX maskanida IIO xodimlari tomonidan Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga qarab harakatlanib kelayotgan 38 yoshli Damad Sh.,ning boshqaruvida bo‘lgan, kul rangli «Mersedes Benz» rusumli avtoulov to‘xtatilib, unda yo‘lovchi sifatida kelayotgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi 36 yoshli Baxit B. o‘zida shubha uyg‘otganligi sababli, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, Baxit B.,ning egnidagi qora rangli erkaklar kurtkasining old o‘ng cho‘ntagidan qog‘ozga o‘ralgan, yashil rangli, 9 dona o‘tkir hidli o‘simlik boshoqlari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Toshkent shahar IIBB EKMning xulosasiga ko‘ra, Baxit B.dan olingan 9 dona o‘simlik boshoqlari tarkibida “opiy” guruhiga mansub bo‘lgan giyohvand alkaloidlar-morfin, kodein, tebain mavjud bulib, «KO‘KNORI BOSHOG‘I» deb atalishi, KO‘KNORI boshog‘ining og‘irligi, 8,34 grammga tengligi aniqlangan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida, ushbu giyohvand moddasi Baxit B. 2021 yilning 25 yanvar kuni taxminan soat 07:00larda Qozog‘iston Respublikasi hududidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga “G‘ishtko‘prik” chegara posti orqali, bojxona nazoratini chetlab olib o‘tib yonida saqlab kelganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani bo‘yicha IIO FMB Tergov bo‘linmasi tomonidan Baxit B.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 276-moddasi 1-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) hamda 246-moddasi 1-qismi (kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departament