Bozor rastalaridan sodir etilgan o‘g‘irlik fosh bo‘ldi
Toshkent shahri. 2020 yilning 04 dekabr kuni soat taxminan 17:30larda “Sherzod” ismli nomaʼlum shaxs o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, Toshkent shahar Chilonzor tumanida joylashgan “Toshkent savdo markazi” bozorining do‘konlaridan birida qarovsiz qoldirilgan 46 yoshli Fotima U., ga tegishli, umumiy narxi 27.100.000 so‘mlik, oq va ko‘k rangli qoplarga solingan 211 dona erkaklar shimlari va 200 dona erkaklar kamarlarini yashirin ravishda egallab, voqea joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksening169-moddasi 2-qismi “B” bandi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida hodisa joyidan olingan kuzatuv kameralari tasvirlari va guvohlarning ko‘rsatuvlariga ko‘ra, ushbu jinoyat Buxoro viloyati, Shofirkon tumanida yashovchi 18 yoshli Sherzod R., tomonidan sodir etilganligi aniqlangan.
Jinoyat ishi doirasida Sherzod R.,dan 18 dona erkaklar shimi ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda fuqaro Sherzod R. gumon qilinuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilinib, tergov hibsxonasida saqlanmoqda.
Jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti