Go‘zallik salonini “sipirib ketgan” shaxs voyaga yetmagan qizaloq bo‘lib chiqdi
Namangan. 2020 yil 14 dekabr' kuniga o‘tar kechasi noma'lum shaxs Chust shahar “Pansada” MFY hududida joylashgan 38 yoshli Shamsiya N.,ga tegishli ayollar go‘zallik salonidan umumiy bahosi 10.000.000 so‘mlik 1 dona noutbuk, 1 dona planshet, 1 dona ayollar kurtkasi, 1 dona shapka, 1 dona soch dazmoli, 1 dona soch gafre dazmoli, 1 dona ayollar sumkasi, 1 dona rastushovka apparati, 1 dona soch qaychisi va 10 quti kiprik o‘stirish uskunalari hamda har xil kasmetika bo‘yoqlari buyumlarini o‘g‘irlab ketgan.
Mazkur holat yuzasidan Chust tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, hodisa joyida mavjud videokuzatuv kamerasidan olingan videotasvirlarni ko‘zdan kechirish hamda olib borilgan boshqa bir qator tergov-tezkor tadbirlari natijasida, 16 yoshli Shamsiqamarxon Q., sodir etganligi aniqlangan hamda undan o‘g‘irlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan narsalar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Jinoyat ishi bo‘yicha Shamsiqamarxon Q., gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, himoya huquqi bilan ta'minlangan holda so‘roq qilingan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti