Mehmonni manziliga kuzatib qo‘ygan “bosqinchilar”
Farg‘ona viloyati. 2021 yilning 31 yanvar kuni soat 18:00 larda Baxtiyor X., chinni idishlar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi tanishi Tojikiston Respublikasi fuqarosi Subxonali Q., bilan Furqat tumani Qulbobo qishlog‘ida joylashgan choyxonalarining biriga olib kelib, u yerda “Nodir” va uning ikki nafar sherigi bilan ko‘rishib, tijorat masalasida gaplashib bo‘lib, “Nodir” ismli shaxsga tegishli “NEXIA-2” rusumli avtomashinaga o‘tirib, Furqat tuman Tomosha qishlog‘i hududiga yetib kelishgan vaqtida “Nodir” va uning ikki nafar sherigi avtomashinada o‘tirgan Subxonali Q.,ni avtomashinadan tushirib, Baxtiyor X.,ga hujum qilib, qo‘l va oyoqlari bilan urib, uning yonida bo‘lgan 400 AQSH dollarini olib qo‘yib, ularni Namangan viloyatida joylashgan Daryo qirg‘og‘iga olib borib, pistolet ko‘rinishidagi o‘q otar qurolga o‘xshash predmetni namoyish qilib, Subxonali Q.,ni yonida bo‘lgan 11.600 AQSH dollarini zo‘rlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, HMQOlarga murojaat qilishsa, o‘ldirib yuborish bilan qo‘rqitib, ularni Namangan shahri markaziga olib borib Qo‘qon shahriga qatnovchi avtomashinaga o‘tkazib yuborishgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, Baxtiyor X., da yengil tan jarohatlari Subxonali Q.,da esa tan jarohatlari aniqlanmagan.
Mazkur holat yuzasidan Furqat tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “B” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov tezkor harakatlari natijasida “Nodir” ismli shaxs Namangan viloyati Uychi tumanida tug‘ilgan 39 yoshli Nodirbek Q., ekanligi aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda Nodirbek Q.,ning jinoiy sheriklarini ushlash choralari ko‘rilmoqda.
Dastlabki tergov davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti