Yordam niqobi ostidagi firibgarlik
Toshkent shahri. Fuqaro M.Raʼno Shayxontohur tumani bo‘yicha IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, unda 2019 yilning sentyabr oyida 40 yoshli N.Dilafruz jiyanining o‘qishini Ukraina Respublikasi Stomatologiya institutidan Toshkent shahrida joylashgan Stomatologiya institutiga tanishlari orqali o‘tkazib berishini vaʼda qilib, Shayxontohur tumani Shofayzi ko‘chasi hududida 3 400 AQSH dollar pullarni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritib, shu kunga qadar bergan vaʼdasini bajarmasdan pullarini ham qaytarib bermayotganligini maʼlum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida jinoyatning kelib chiqish sabablari o‘rganilib, huquqiy baho berilishi taʼminlanadi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti