“Nukusdagi restoranlarning birida uch kishi restoran xodimini turli xil qattiq jismlar bilan do‘pposlashdi” sarlavhasi ostida tarqalgan videotasvir bo‘yicha RASMIY MAʼLUMOT
Qoraqalpog‘iston Respublikasi. 2021 yilning 09 mart kunidan 10 mart kuniga o‘tar kechasi soat 00:30 larda Nukus shahri “Almazar” MFY.,da joylashgan “Las-Vegas” nomli restoranida musiqachi bo‘lib ishlovchi 22 yoshli Iskandar Q., ning yoniga mijoz 31 yoshli Alisher A., mast holatda kelib qo‘lidagi mikrofonini so‘ragan vaqtida rad javobini olgach sheriklari 34 yoshli Gafur Q., 33 yoshli Sultan A.,lar bilan uni urib do‘pposlashgan. Natijada Iskandar Q., olgan jarohatlari sabab shifoxonaga murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Nukus shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda va tergov jarayonida har bir fuqaroning xatti-harakatlariga qonuniy baho berilishi taʼminlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti