O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Olib qochilgan avtomashina yonib bo‘lgan holatda aniqlandi

Sirdaryo viloyati. 2022 yil 09 aprel kuni soat 06:15da Sardoba tumani Turon ko‘chasida yashovchi 42 yoshli A.M., Sirdaryo viloyati “102” qisqa raqamiga murojaat qilib, unda joriy yilning 09 aprel kuni soat 04:00dan soat 06:00ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida nomaʼlum shaxs tomonidan u tomonidan ishonchnoma qog‘ozi asosida boshqaruvida bo‘lgan oq rangli “Nexia-1” rusumli avtomashinasi eshigi ochiq va kaliti joyida qolganidan foydalanib, yashash uyi oldidan olib qochib ketilganligi haqida maʼlum qilib, ushbu nomaʼlum shaxslarni topishda hamda ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan Sardoba tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida, jabrlanuvchiga tegishli avtomashina Sardoba tumani Qo‘yitosh mahallasi hududidan o‘tuvchi avtoyo‘lining 6-km.,da to‘liq yongan holatida topilgan. Avtomashina ko‘zdan kechirilgan vaqtda nomaʼlum shaxs tomonidan avtomashinaning davlat raqamlari va muqaddam avtomashinada mavjud bo‘lgan gaz ballon hamda orqa yukxonasidagi zaxira g‘ildiragi yechib olib ketilganligi aniqlangan.

Tergov-tezkor harakatlar davom ettirilib, mazkur jinoyatni Sardoba tumanida yashovchi muqaddam sudlangan 30 yoshli K.R. sodir etganligi, uning yashash xonadoni tintuv qilinganida, unda olib qochilgan “Nexia-1” rusumli avtomashinaga o‘rnatilgan bir dona gaz ballon hamda bir dona avtomashina zaxira g‘ildiragi mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha K.R. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, ungaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 2-qismi “g” bandi va 173-moddasi 1-qismi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan ayblov eʼlon qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech