Oltinsoy tumanida do‘konga tushgan voyaga yetmagan shaxs qo‘lga tushdi
Surxondaryo viloyati. 2023 yil 30 yanvar kuni Oltinsoy tumanida yashovchi 27 yoshli I.S. “102” qisqa raqamiga murojaat qilib, joriy yilning 29 yanvaridan 30 yanvariga o‘tar kechasi nomaʼlum shaxs, unga tegishli “Oqarbuloq” mahallasida joylashgan savdo do‘koniga g‘ayriqonuniy ravishda, kirish eshigi qulfini buzgan holda kirib do‘konda bo‘lgan turli rusumdagi jami 13 dona uyali aloqa vositalarini yashirin ravishda o‘g‘irlab ketganligini bildirib, nomaʼlum shaxsni toshishda, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni hamda yetkazilgan moddiy zararni undirishda amaliy yordam berishni so‘ragan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyatni Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida yashovchi voyaga yetmagan 10-sinf o‘quvchisi 16 yoshli M.Sh. sodir etkanligi aniqlanib, undan jami 10 dona telefon apparatlari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Oltinsoy tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan voyaga yetmagan M.Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasining tegishli bandlari (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida, qonunbuzardan qolgan 3 dona telefon apparatlarning taqdiri so‘ralganda, u ularni Termiz shahrida joylashgan bozorlarning biriga borib, o‘ziga nomaʼlum bo‘lgan shaxsga 1.000.000 so‘mga sotganligini maʼlum qilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti