“OLX.uz” dan ijaraga olingan buyumlar 29 mln.ga sotib yuborildi
Samarqand viloyati. 2023 yil 31 mart kuni 33 yoshli S.A. ariza bilan murojaat qilib, joriy yilning 6 fevral kuni uning yoniga “OLX.uz” ijtimoiy tarmog‘ida berilgan eʼlon bo‘yicha o‘zini Navoiy shahrida yashovchi 28 yoshli S.G. deb tanishtirgan ayol kelib, go‘yoki uning Navoiy shahrida olib borayotgan qurilishiga unda mavjud qurilish anjomlari kerakligini aytib, o‘zini katta qurilish qilayotgan shaxs sifatida ko‘rsatib, ishonchiga kirib, undan qurilish anjomlari bo‘lgan 30 komplekt xovoza, 73 dona monolitniy ustunlari, 30 dona 2 X 1 metr o‘lchamli opalubka va 90 dona 25 mm diametrli temir qoziqlarni ijaraga berishni so‘rab, ijaraning har bir kunini 420.000 so‘mdan kelishib, buning uchun oldindan jami 10 kunlik 4.200.000 so‘m ijara pulini berib, qurilish anjomlarini olib ketgan va oradan 9 kun o‘tib, yana qo‘shimcha qurilish anjomlari yaʼni 16 dona 2x1 metrli, 20 dona 2x0,5 metrli, 4 dona 1x0,5 metrli temir opalubka, 48 dona 25 mm diametrli va 60 dona 18 mm diametrli temir qoziqlarni olib ketib, shu kunga qadar qurilish anjomlarini va ijara pullarini bermasdan kelayotganini maʼlum qilib, pullari undirishda hamda qurilish anjomlarini qaytarib olishda amaliy yordam berishni so‘ragan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida S.G. (ayol) tomonidan qo‘lga kiritilgan S.A.ga tegishli bo‘lgan jami 115.000.000 so‘mlik qurilish anjomlarini Toshkent shahridagi metall bozoriga olib borib 29.000.000 so‘mga sotib yuborganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan S.G.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Muallif: Tergov departamenti O‘MIB tergovchisi
podpolkovnik S.Shirbacheyev
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti