Kalitning o‘t oldirish joyida qoldirilishi yana bir avtomashina olib qochilishiga sabab bo‘ldi.
2019 yil 22 dekabr kuni taxminan soat 02:55 larda 35 yoshli Sh.H. Jizzax shahri bo‘yicha IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, unda shu kuni soat 23:00 larda o‘zining “Lasetti” rusumli avtomashinasini yashash uyi oldida kaliti o‘t oldirish joyiga tiqilgan holatda qoldirganligini, taxminan soat 02:50 larda shovqin ovozini eshitib tashqariga chiqib qaragan vaqtida, noma'lum shaxs avtomashina eshik oynasini sindirib, ichida qoldirgan kalit bilan avtomashinani o‘t oldirib, noma'lum tomonga haydab ketganini ko‘rganligini ma'lum qilib, avtomashina topishda va ushbu shaxsni aniqlab, unga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan Jizzax shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni 18 yoshli X.J. va 19 yoshli B.R.lar sodir etganligi aniqlanib, ulardan avtomashina kaliti hujjatlashtirib olingan. X.J. va B.R.larga nisbatan JKning 267-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan ayblov e'lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti
Tayyorladi: kapitan J.Qodirov