Giyohvandlik vositalarini kontrabanda yo'li bilan olib kirgan shaxslarga hukm oʼqildi.
Xorazm viloyati IIB va DXX xodimlari tomonidan hamkorlikda oʼtkazilgan tezkor tadbir natijasida respublikamiz hududida Tojikiston Respublikasi fuqarolarining jinoiy faoliyatiga chek qoʼyildi.
Tojikiston Respublikasi fuqarolari 34–yoshli I.U. va 36–yoshli K.D. lar oldindan jinoiy til biriktirib, K.D.ning boshqaruvidagi “Vaz-2110” rusumli avtomashinasining benzin baki ichiga yashirgan holda Tojikiston Respublikasi hududidan Oʼzbekiston Respublikasi hududiga chegara posti orqali kontrabanda yoʼli bilan olib kirilgan 6 dona polietilen paketlarga qadoqlangan “OPIY” giyohvandlik vositasini 2019 yil 05 iyun kuni soat 01:30 da Samarqand viloyati hududida 20.000 АQSh dollariga sotayotganlarida tezkor-tadbirda ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (juda koʼp miqdorda giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda sotish) va JKning 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.
Dastlabki tergov jarayonida Tojikiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan yuqoridagi moddalar bilan ayblov eʼlon qilingan hamda “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʼllanilgan.
2019 yilning 5 noyabr kuni Jinoyat ishlari boʼyicha Urganch tuman sudining hukmiga koʼra K.D. va I.U.lar Oʼzbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 5-qismi va 246-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilib, K.D.ga nisbatan 10 yil, I.U.ga esa 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti