O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

G‘ijduvonda 48,5 mln so‘mlik narkotik dorilar o‘zlashtirilgani fosh etildi

Buxoro viloyati. G‘ijduvon tuman tibbiyot birlashmasi kattalar anesteziologiya va reanimatsiya bo‘limi katta feldsheri lavozimida ishlab kelgan fuqaro Ya.R. 2023–2025 yillar davomida o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, reanimatsiya bo‘limi hamshiralari bilan jinoiy til biriktirgan holda, tarkibida giyohvandlik vositalari bo‘lgan “Morfin gidroxlorid 1%”, “Promedol 2%”, “Fentanil 0.005%” va “Omnopon” dori vositalarini qonunga xilof ravishda egallagan.

U moddiy javobgar shaxs sifatida birlashma ichki dorixonasidan olingan narkotik dorilar hisobini yuritish jurnallari va talabnomalariga soxta maʼlumotlar kiritish orqali rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirgan.

Tergovda aniqlanishicha, jami 7 894 dona, umumiy qiymati 48 mln 551 ming 667 so‘mlik narkotik dori vositalari mansab mavqeini suiisteʼmol qilish yo‘li bilan talon-toroj qilinib, o‘zlashtirilgan. Shuningdek, ko‘p miqdordagi morfin, trimeperidin, fentanil va boshqa giyohvandlik moddalari qonunga xilof ravishda egallangani aniqlangan.

2025 yil 11 iyun kuni mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro Ya.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167, 228 va 271-moddalari bilan ayblov eʼlon qilingan hamda “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, u giyohvandlik kasalligiga chalingan va majburiy davolanishga muhtoj ekani aniqlangan.

Jinoyat ishining ayrim qismi reanimatsiya bo‘limi hamshiralariga nisbatan alohida ish yurituvga ajratilgan. Tergov harakatlari yakunlanib, ish sud muhokamasiga yuborilgan.


Tergov departamenti

Text to speech