“Plastigingizni naqdlashtira olmayapsizmi??? O‘zim yordam beraman...”
Qashqadaryo viloyati. 2022 yil 25 fevral kuni Samarqand viloyati Samarqand shahrida yashovchi 37 yoshli M.Z. o‘zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, ATB “SANOATQURILISHBANK”ga qarashli Muborak tumanidagi bankomatga plastik kartasidagi pulini naqd pulga almashtirish uchun kelgan 31 yoshli Q.M.ga yordam berishini aytib, uning plastik kartasini bankomatga tiqib, plastik kartani “SMS” xabarnomasini o‘zining telefon raqamiga ulab olib, unga plastik kartangiz kodlanib qolibdi deb, qaytarib berib, plastik kartadagi 6 mln. 900 ming so‘m pullarini “Payme” ilova orqasi o‘zining plastik kartasiga o‘g‘irlik yo‘li bilan o‘tkazib olib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, M.Z. o‘zining jinoiy harakatlarini davom etirib, joriy yilning fevral oyidan mart oyiga qadar yana 6 nafar fuqarolarga plastik kartochkalaridagi pullarini bankomat orqali naqdlashtirishda yordam berishini aytib, ularning kartalarini ham o‘zining telefon raqamiga ulab olib, pullarni “Payme” ilovasi orqali yashirin ravishda o‘tkazib olib, egallagan pullarni o‘zining ehtiyojlariga ishlatib yuborganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan M.Z.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hurmatli fuqarolar! Birovga ishonch bildirishdan oldin chuqur o‘ylab ko‘ring. Firibgarlik qurboniga aylanib qolishdan ogoh bo‘ling!
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti