Voyaga yetmagan yo‘l to‘sarlar ushlandi
Andijon viloyati. 2021 yilning 05 fevral kuni soat 14:30 larda nomaʼlum shaxslar Andijon shahri «O‘zbekiston 20 yilligi» MFY., hududida voyaga yetmagan litsey o‘quvchisi 17 yoshli Egamberdi A., ning yo‘lini to‘sib undan uyali aloqa vositasi bilan yonida bo‘lgan pullarini berishini talab qilishganida, Egamberdi A., qo‘rqqanidan qochib ketgan vaqtida uni orqasidan quvlab borib, so‘ng hodisa joyidan yashiringanlar.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, ushbu jinoyatni Andijon shahrida joylashgan 50-sonli maktab o‘quvchilari 16 yoshli Abdulboriy B., Jasur M., va 2-sonli Akademik litseyi o‘quvchisi 16 yoshli Jaxongir X.,lar sodir etganliklari aniqlanib, protsessual tartibda ushlanganlar.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahri IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Abdulboriy B., Jasur M., Jaxongir X.,larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,166-moddasi 2-qismi “v” bandi (talonchilikka suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinganlar.
Hozirda tergov davom etmoqda.
Taʼkidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti