“Gashish”ni yashirincha pullamoqchi bo‘ldi-yu, buni tezkor xizmatlardan sir tuta olmadi
2021 yilning 04 yanvar kuni soat 14:30 da Ichki ishlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasi 473-uy oldida fuqaro 39 yoshli Maxkamjon T., tadbirga jalb qilingan shartli xaridorga 600.000 so‘m evaziga “gashish” giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan hamda undan tadbirda ishlatilgan pullardan bir qismi yaʼni 200.000 so‘m pullar hamda giyohvandlik vosita ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Sud-kimyoviy ekspertiza xulosasida, tadbir jarayonida olingan mumsimon modda (obyekt №1) tarkibida faol giyohvand modda tetrogidrokannabinol mavjud bo‘lib, bu (obyekt №1) modda “gashish” deb ataladi. Gashishning sof og‘irligi 0,93 grammga tengligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB 7-sonli IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan fuqaro Maxkamjon T., ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi (Giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, Maxkamjon T., ga nisbatan ayb elon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti