Pnevmatik miltiq bilan qiz bolani jarohatlagan shaxs ushlandi
Qashqadaryo. 2020 yilning 06 iyun kuni soat 21:00 da 31 yoshli S.K. tanishlari bilan Yakkabogʼ tumani Yangiobod qishlogʼida joylashgan tanishi M.J., ga qarashli baliq yetishtiriladigan koʼliga borib, u yerda spirtli ichimlik isteʼmol qilib, mast holatda M.J., ga tegishli “Gamo” rusumli pnevmatik miltiqdan koʼldagi oʼrdaklarni ovlash maqsadida oʼq uzib turgan vaqtida, boshqa tanishi B.Sh. bilan birga ikki nafar qizlar kelib, dala shiyponi oldiga mashinadan tushganligini koʼrib, taxminan 50 metr uzoqlikda, unga oldindan tanish boʼlmagan fuqaro 18 yoshli S.Ch., ni pnevmatik miltiqning optik moslamasi yordamida kuzatmoqchi boʼlib, hech bir sababsiz, bezorilik oqibatida pnevmatik miltiqni S.Ch. tomonga qaratib, uni kuzatayotgan vaqtida tepkini bosib yuborishi natijasida pnevmatik miltiqning qoʼrgʼoshinli oʼqi S.Ch., ning oʼng yelkasiga borib tekkan.
Natijada S.Ch. ogʼir tan jarohatlari olib tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Hodisa joyidan “Gamo” rusumli pnevmatik miltiq va uning 2 dona qoʼrgʼoshinli oʼqlari ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Holat yuzasidan Yakkabogʼ tumani IIB huzuridagi tergov boʼlimi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “e” bandi (bezorilik oqibatida qasddan badanga ogʼir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, S.K. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va protsessual tartibda ushlangan.
Hozida dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti