Bir aylanib kelish uchun “DOGAN S” avtomashinasini olib qochdi
Jizzax viloyati. 2021 yilning 14 aprel kuni soat 20:40da Zarbdor tuman IIBga fuqaro 37 yoshli I.Maʼruf o‘ziga tegishli “DOGAN S” rusumli avtomashinasi qo‘ygan joyida yo‘qligi yuzasidan xabar bergan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari va viloyat miqyosida eʼlon qilingan to‘sib ushlash tadbiri davomida, I.Maʼrufga tegishli “DOGAN S” rusumli avtomashina Zomin tumani Dashtobod shaharchasi hududida shikastlangan holatda topilgan.
Mazkur holat yuzasidan Zarbdor tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari davomida, ushbu jinoyatni 28 yoshli A.Ilhom mast holatda sodir etganligi, u Sirdaryo viloyati Xovos tumanida yashovchi tanishining oldiga borib kelish maqsadida avtomashinani olib qochganligi aniqlangan.
Hozirda A.Ilhom protsessual tartibda ushlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti