Reja qanday bo‘lganligi tergov jarayonida aniq bo‘ldi...
Namangan viloyati. Joriy yilning 28 mart kuni Namangan shahar Davlatobod tumanida yashovchi 64 yoshli T.G., Davlatobod tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda 2022 yil 27 mart kuni soat 22:40 dan 28 mart kuni 07:30 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida nomaʼlum shaxs uning yashash xonadoniga devor oshish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, xonadon garajida bo‘lgan o‘ziga tegishli “NEXIA-2” rusumli avtomashinasini olib qochib ketganligini maʼlum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni va avtomashinasini topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida mazkur jinoyatni Namangan shahar Gulbog‘ ko‘chasida yashovchi 19 yoshli D.A. sodir etganligi, u ushbu avtomashinani Kosonsoy tumani Obod ko‘chasiga olib borib tashlab, o‘zi nomaʼlum tomonga yashiringanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan D.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 2-qismi “g” bandi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzdagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda yuqoridagi shaxs nima sababdan ushbu jinoyatga qo‘l urganligi aniqlanmoqda.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti