Rezina quvur fuqaroning o‘limiga sabab bo‘ldi
Toshkent shahri. 2022 yil 07 fevral kuni soat 17:00 larda 43 yoshli Yu.O. Bektemir tumani Majnuntol mahallasida joylashgan xonadonda bo‘la turib, ushbu xonadonda taʼmirlash ishlarini olib borish uchun o‘zi bilan birga kelgan 43 yoshli B.E. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik natijasida, o‘zaro janjallashib, Yu.O. rezinadan ishlangan quvur (shlang)ning bo‘lagi bilan B.E,ni tanasining turli sohalariga bir necha marotaba urib, tan jarohati yetkazganligi aniqlangan.
Natijada B.E. olgan tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilib, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan u vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Yu.O.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda jinoyatning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.
Taʼkidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti