O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Traktorning tirkamasida odam olib yurishning oqibati: ikki ayol vafot etdi yana biri kasalxonada.

Buxoro. 2020 yilning 12 may kuni soat 10:00 da 45 yoshli O.I., “MTZ-80” rusumli traktorida, unga ulangan ikkita tirkamasi bilan Romitan tumani Bogʼiturkon MFY dagi fermer xoʼjaligiga qarashli dala yer maydoni hududidan oʼtgan zovurning yon tomonidagi yoʼl boʼylab harakatlanib kelib, yoʼl loyligi sababli traktori orqa tomonida boʼlgan tirkamalari sirpanib, zovur ichiga agʼanab ketishi oqibatida yoʼl transport hodisasi sodir qilgan.

Natijada traktor tirkamasida yoʼlovchi sifatida kelayotgan 34 yoshli O.I. va 33 yoshli Sh.P., ogʼir tan jaroxati olib, hodisa sodir boʼlgan joyda vafot etishgan. Bundan tashqari ushbu tirkamada boʼlgan fuqaro 38 yoshli F.J., ogʼir tan jaroxatilari bilan Romitan tumani markaziy kasalxonasiga yotqizilgan. 

Holat yuzasidan Romitan tuman IIB huzuridagi Tergov boʼlimi  tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar oʼlimiga sabab boʼlgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.

Eslatib oʼtamiz! Yoʼl harakati qoidalariniing 159-bandiga asosan odamlarni tashish quyidagi hollarda taqiqlanadi:

avtomobilning kabinasidan tashqarida (bortli yuk yoki furgon-yukxonali avtomobillarda odam tashishdan tashqari);

traktorlar va boshqa oʼziyurar mashinalar, yuk tashiladigan tirkamalar, tirkama-uycha, yuk mototsikllari yukxonasida;

mototsikllarning konstruktsiyasida koʼzda tutilgan joylaridan tashqarida;

12 yoshga toʼlmagan bolalarni mototsiklning orqa oʼrindigʼida, shuningdek yengil avtomobilga bolalarni ushlab turuvchi maxsus qurilma oʼrnatilmagan boʼlsa, uning oldingi oʼrindigʼida;

12 yoshga toʼlmagan bolalarni hisobga olmaganda, odam soni transport vositasining texnik tavsifnomasida koʼzda tutilgan miqdordan ortiq boʼlganda.

Bunda transport vositasining haqiqiy vazni uni ishlab chiqargan korxona belgilagan ruxsat etilgan vazndan oshmasligi kerak.

Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

 

Text to speech