Saqlash tartibini buzish ham jinoyat sanaladi
Jizzax viloyati. 2021 yilning 19 noyabr kuni soat 09:10 larda Jizzax shahar IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor profilaktik tadbir davomida Jizzax shahar hududida joylashgan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida shifokor bo‘lib ishlovchi 60 yoshli O.X.,ning xizmat xonasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, mazkur xonadagi javon ichida 30 turdan ortiq bo‘lgan dori vositalarini saqlab kelayotganligi, ularning ichida "Diozepam", “Ketamin” va “Oksibutirat” nomli psixotrop moddalari borligi aniqlanib, ushbu dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Sud kimyoviy ekspertiza xulosasida O.X.,ning xonasidan olingan “Diozepam” 39 grammga, “Ketamin” 1,6 grammga, “Oksibutirat natriy” esa 18 grammga teng bo‘lib, psixotrop moddalar ekanligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O.X.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda saqlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida jinoyatning kelib chiqish sabablari sinchkovlik bilan o‘rganilib, tergov yakuniga ko‘ra qonuniy baho berilishi taʼminlanadi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
Muallif: Jizzax viloyati Yangiobod tumani IIB huzuridagi
Tergov guruhi katta tergovchisi
kapitan Eshbekov Voxidjon
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti