Mobil ilova orqali plastik kartadagi pullar yechib olindi
2020 yilning 24 sentyabr kuni, Quva tumanida yashovchi fuqaro I.E., tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, arizasida o‘ziga tegishli bank plastik kartasi hisobidan 2.135.625 so‘m miqdoridagi pullar yechib olinganligini maʼlum qilib, shu pullarni yechib olgan shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida fuqaro I.E., tanishi 28 yoshli N.Yu., bilan birgalikda tarixiy obidalarni ziyorat qilish uchun sayohatga chiqishgan vaqtida, 2020 yilning 7 sentyabr kunidan, 2020 yilning 10 sentyabr kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida, mobil ilova orqali N.Yu., o‘zining telefon raqamiga I.E.,ning plastik karta raqamlarini kiritishga muvaffaq bo‘lib, I.E.,ga tegishli bank plastik kartasi hisobida bo‘lgan 2.135.625 so‘m miqdoridagi pullarni yechib olishga erishganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Quva tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandi (o‘g‘irlik) bilan qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti