O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Taqsimlashga ulgurilgan o‘lja

Andijon viloyati. 2021 yil 31 dekabr kuni soat 18:00 larda nomaʼlum shaxs o‘zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, Xo‘jaobod tumanida joylashgan markaziy "Dehqon bozori" oziq-ovqat mahsulotlari sotishga mo‘ljallangan savdo do‘koniga kirib, do‘kon egasi 47 yoshli R.P.,ga tegishli bo‘lgan sumka ichidan savdodan tushgan pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa bo‘lgan joyidan yashiringanligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Xo‘jaobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov harakatlari natijasida, mazkur jinoyatni Oltinko‘l tumanida yashovchi 49 yoshli K.L. va 38 yoshli K.B.,lar sodir etganligi aniqlanib, K.L.,dan 3.400.000 so‘m K.B.,dan esa 4.900.000 so‘m miqdoridagi pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Tergov jarayonida qonunbuzarlar tomonidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar qisman qoplanganligi bois, ularga nisbatan “shaxsiy kafillik” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov yakunlanib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 381-moddasi tartibida ayblov xulosasini tasdiqlash uchun tuman prokuraturasiga yuborilgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech