Telefon g‘ilofiga yashirilgan og‘u
Toshkent shahri. 2021 yilning 13 avgust kuni soat 20:00 larda, Mirobod tumani Munis ko‘chasida 32 yoshli D.F. o‘zining xatti-harakatlari bilan shubha uyg‘otganligi sababli, ushbu hududda xizmat olib borayotgan IIO xodimlari tomonidan to‘xtatilib, ikki nafar xolislar ishtirokida shaxsiy tintuv qilingan vaqtida, unga tegishli “MI-5” rusumli telefon apparatini g‘ilofi orasidan ikki dona polietilen paketda o‘tkir hidli, jigarrang, plastilinsimon moddalar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Sud-kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, D.F.dan olingan 1-paket ichidagi modda tarkibida faol giyohvand alkaloid-morfin mavjud bo‘lib, “opiy” deb atalishi, umumiy vazni 0,36 grammga tengligi, 2-paket ichidagi modda tarkibida faol giyohvand modda morfin va tetragidrokannabinol mavjud bo‘lib, “gashish” deb atalishi, umumiy vazni 0,33 grammga tengligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan D.F., ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda giyohvandlik vositasini kelib chiqishi aniqlanmoqda. Tergov yakuniga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti