Telefondagi maʼlumotlar yana tovlamachilik quroli bo‘ldi
Andijon viloyati. Joriy yilning 7 aprel kuni Xo‘jaobod tumanida yashovchi 35 yoshli A.U. (ayol) tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda Xo‘jaobod tumanida yashovchi 34 yoshli M.U. hamda 30 yoshli R.S.lar uning sir saqlanishi lozim bo‘lgan videotasvirlarini internet ijtimoiy tarmog‘i orqali tarqatib, ushbu maʼlumotlarni oshkor qilish bilan uni qo‘rqitib, maʼlumotlarni oshkor qilmaslik evaziga undan 300 AQSH dollari miqdoridagi pullarni berishga majbur qilayotganligi uchun ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur ariza yuzasidan o‘tkazilgan tezkor-tadbir davomida, yuqoridagi shaxslar arizachidan sir saqlanishi lozim bo‘lgan videotasvirlarini internet ijtimoiy tarmog‘iga oshkor qilmasligi uchun so‘ralgan 300 AQSH dollari pullarini Andijon shahar Mustaqillik MFY hududida olayotgan vaqtida, tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan M.U. va R.S.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 165-moddasi 2-qismi “v” bandi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash joizki, Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, jinoyatni sodir etgan shaxs 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti