“Tik Tok” ijtimoiy tarmog‘iga “Mirishkordagi o‘g‘ri qo‘lga tushdimi? Uni bog‘lab qo‘yishdan maqsad nima?” sarlavhasi ostida joylangan videolavha yuzasidan RASMIY MAʼLUMOT
Qashqadaryo viloyati. 2021 yilning 20 fevral kuni soat 22:30 larda 33 yoshli G‘iyos Q., va 29 yoshli Abdivali B.,lar Mirishkor tumani “Yangi Mirishkor” mahallasida Azamat J.,ning uyi atrofida 31 yoshli Azizbek T., mast holatda aylanib yurganligini ko‘rib, o‘g‘rilik qilish maqsadida kelgan deb o‘ylab, unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, tanasining turli joylariga urib, daraxtga ip bilan bog‘lab qo‘yib, taxminan 1 soatdan ko‘proq vaqt mobaynida g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilganlar.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, Azizbek T., muqaddam o‘g‘rilik jinoyati uchun 4 marotaba sudlanganligi, uni shu sababdan urib daraxtga bog‘lab qo‘yganliklari va bu holatni videoga tushirib, “Tik Tok” ijtimoiy tarmog‘iga joylaganliklari aniqlangan.
Sud tibbiy ekspertiza xulosasida, Azizbek T.,da yengil tan jarohatlari aniqlanganligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Mirishkor tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan G‘iyos Q., va Abdivali B.,larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 138-moddasi 1-qismi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinganlar.
Hozirda tergov davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti