Toshkentda ikki ayol va bir erkak pichoq va qaychi bilan qurollanib bosqinchilik sodir etishdi
Toshkent shahar. 2023 yilning 30 iyun kuni taxminan soat 13:50 da 3 nafar nomaʼlum shaxslar Yakkasaroy tumani Dilbuloq mahallasida joylashgan xonadonlarining biriga kelib, u yerda vaqtincha ijarada yashab kelayotgan 61 yoshli Janubiy Koreya fuqarosi N.X. va unig qizi 37 yoshli K.M.lar xonadon eshigini ochishgan vaqtda qo‘llarida bo‘lgan oshxona pichog‘i va qaychi bilan tahdid qilib, xonadonda bo‘lgan 3 dona uyali telefon apparatlari, 1 dona planshet, 1 dona noutbuk, 1.700 AQSH dollari va 1.500.000 so‘m pul mablag‘larini egallab, hodisa bo‘lgan joyidan yashirinishgan.
Ushbu holatdan so‘ng, K.M. qonunbuzarlarni taqib qilib, ko‘chada yordam so‘raganligi sababli, mazkur hududda xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya xodimlari tomonidan bosqinchining biri ushlangan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida mazkur jinoyatni Toshkent viloyatida yashovchi muqaddam sudlangan 39 yoshli D.A., uning birga yashovchi turmush o‘rtog‘i 22 yoshli L.A. va Toshkent shahar Yangihayot tumanida yashovchi muqaddam sudlangan 29 yoshli A.R.lar (ayol) sodir etganliklari aniqlanib, ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan D.A., L.A. va A.R.larga nisbatag O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda, ushbu shaxsning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Tergov davom etmoqda.
Muallif: Tergov departamenti katta tergovchisi
mayor B.Z.Xamdamov
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti