O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Samarqandda 71 yoshli otaxonning avtomashinasiga yo‘lovchi sifatida o‘tirgan ayol, transport vositasini olib qochdi

Samarqand viloyati. 2023 yil 04 iyul kuni Jomboy tumanida yashovchi 71 yoshli K.R. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda joriy yilning 04 iyul kuni soat 06:30 da o‘zini boshqaruvida bo‘lgan “SPARK” rusumli avtomashinasida Jomboy tuman markazida harakatlanayotgan vaqtida, yo‘l-yo‘lakay shu yerda bo‘lgan ayolni avtomashinasiga yo‘lovchi sifatida olib, uni Jomboy tumani Zarafshon mahallasida joylashgan o‘rmon xo‘jaligi hududiga olib borishiga kelishib, so‘ngra ayolni aytgan manziliga olib borayotib, hojatga chiqish maqsadida avtomashinasini to‘xtatib, avtomashinadan tushgan vaqtida, nomaʼlum ayol uning ruxsatisiz unga tegishli avtomashinaning rul boshqaruviga o‘tirib, avtomashinani nomaʼlum tomonga olib qochganligini bayon etib, uning avtomashinasini aniqlashda va ushbu ayolga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Ushbu avtomashinani qidirib topish maqsadida, viloyat miqyosida «To‘sib ushlash» tadbiri eʼlon qilinib, barcha YPX maskanlariga, YHXB xodimlariga bu haqda xabar berilgan. Natijada jabrlanuvchiga tegishli avtomashina nomaʼlum ayol tomonidan Tayloq tumani Galabotir mahallasi hududida boshqarib borayotgan vaqtida to‘xtatilib, undan ushbu avtomashina tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. Ushbu ayolning shaxsiga aniqlik kiritganda, u Jomboy tumani Dehqonobod mahallasida yashovchi 21 yoshli D.N. ekanligi va spirtli ichimliklar taʼsirida bo‘lganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jomboy tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan D.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, D.N. protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda jinoyatning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.

Tergov davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yuqorida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlik uchun Jinoyat kodeksida 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo qo‘llanilishi belgilangan.

Muallif: Tergov departamenti O‘MIB tergovchisi

mayor I. Toirov

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech