
Samarqandda xonadondan 120 mln. soʼmlik tilla-taqinchoqlar oʼgʼirlandi
Samarqand viloyati. Joriy yilning 11 mart kuni Samarqand shahar “Obod Maskan” mahallasida yashovchi 41-yoshli fuqaro M.N., Samarqand shahar IIO FMB “102” qisqa raqamiga murojaat qilib, oʼz arizasida shu kuni uning yashash uyiga 08:00dan 13:00 gachaga boʼlgan vaqt oraligʼida nomaʼlum shaxs kalit tanlash yoʼli bilan gʼayriqonuniy ravishda kirib, uyning yotoqxonasida oʼziga tegishli boʼlgan jami bahosi 120 mln. soʼmga teng boʼlgan 15 turdagi tilla-taqinchoqlarni yashirin ravishda talon-toroj qilganligini maʼlum qilib, nomaʼlum shaxsni aniqlab, unga nisbatan qonuniy chora koʼrishni va yetkazilgan moddiy zararni qoplashda amaliy yordam berishni soʼragan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi Tergov boʼlimi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida, ushbu oʼgʼirlikni jabrlanuvchining voyaga yetmagan 17-yoshli qizi S.R. sodir etganligi aniqlanib, undan oʼgʼirlik yoʼli bilan qoʼlga kiritib, soʼngra sotib yuborilgan tilla-taqinchoqlardan olingan pul mablagʼlari uning dugonasining uyida saqlanayotganligi maʼlum boʼlib, 1.300 АQSh dollari miqdoridagi pullar tegishli tartibda xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.
Dastlabki tergov davom etmoqda.
Oʼzbekiston Respubikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti