Kompyuter ustaxonasiga kirgan 3 nafar bosqinchilar 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin
Toshkent. 2020 yilning 27 oktyabr kuni soat 21:45 da ikki nafar nomaʼlum shaxslar, o‘zganing mol-mulkini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilish maqsadida, fuqaro A.N.,ning boshqaruvidagi “Spark” rusumli, avtomashinasida Yunusobod tumani, Kichik halqa yo‘li ko‘chasida joylashgan kompyuter taʼmirlash ustaxonasiga yuzlariga tibbiy niqob va qo‘liga tibbiy qo‘lqop kiyib, pichoq bilan qurollangan holda kelishib, shu yerda bo‘lgan fuqaro 27 yoshli D.R.,ni yuziga qo‘lini mushti bilan urib, tan jarohati yetkazib, uni ko‘krak qafasiga hamda yana bir kompyuter taʼmirlovchi ishchi 42 yoshli M.T.,ga pichoq tirab, o‘ldirish bilan qo‘rqitib, yonidagi sumkada bo‘lgan 8.300 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olib, A.N.,ning boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashinaga o‘tirib, hodisa joyidan yashiringanlar.
Mazkur holat yuzasidan shu kuni Yunusobod tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan ikki nafar nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi «b» bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, “Spark” rusumli avtomashina haydovchisi A.N., jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, advokat ishtirokida so‘roq qilingan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyatni 39 yoshli R.S., 38 yoshli I.A., va 36 yoshli b.I.,lar sodir etganliklari aniqlanib ushlanganlar.
Ushbu kuni R.S.,dan jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan pullar evaziga sotib olingan 1 dona erkaklar djemperi, sport kiyimi va “LANVIN” nomli atiri hamda 700 AQSH dollari miqdoridagi naqd pullar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Jinoyat ishi bo‘yicha yuqoridagi shaxslar JKning 164-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti