Ustalar o‘rtasidagi janjal natijasida taʼmirlash ishlari cho‘ziladigan bo‘ldi
Toshkent viloyati. Joriy yilning 28 mart kuni soat 00:30 larda Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida yashovchi 50 yoshli D.A. vaqtincha ustachilik qilib yashab kelayotgan Angren shahar G‘afur G‘ulom ko‘chasida joylashgan xonadonda sherigi Dang‘ara tumanida yashovchi 47 yoshli A.U. bilan birgalikda spirtli ichimlik isteʼmol qilib, juda mast ahvolda o‘rtalarida kelib chiqqan janjal natijasida, A.D. shu yerda bo‘lgan shisha sinig‘i bilan A.U.ni bo‘yin, bel va qo‘l sohalarini kesib yuborib, tan jarohati yetkazgan. Natijada A.U. olgan tan jarohatlari bilan Angren shahar Tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Shahar Tibbiyot birlashmasining birlamchi tibbiy maʼlumotnomasiga ko‘ra, A.U.da “boshining sochli sohasini ko‘plab kesilgan jarohati, chap taraflama bo‘yin sohasi paylarining va qon tomirlari kesilgan jarohati, chap kaft va qo‘l sohasini kesilgan jarohati, chap qo‘li birinchi barmog‘i hamda bel sohasini chuqur kesilgan jarohati” borligi, ushbu aniqlangan jarohatlar hayot uchun xavfli bo‘lgan “og‘ir” turdagi jarohatlar ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Mazkur holat yuzasidan Angren shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan D.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 104-moddasi 2-qismi “l” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti