Karyerdan elektrokabel va dvigatellarni o‘g‘irlagan shaxslar aniqlandi
Navoiy viloyati. 2020 yilning 27 iyul kunidan 31 avgust kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘idanomaʼlum shaxslar o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida, Karmana tumanidagi cho‘lda joylashgan MCHJga qarashli “Toshni maydalash” zavodi karyer hudida burg‘ulash-portlatish ishlarini olib borayotgan pudratchi MCHJga tegishli SBU-100G rusumli burg‘ulash dastgohini elektr energiyasi bilan taʼminlovchi narxi 20.166.400 so‘mni tashkil etuvchi KG-350+16-1 markali 80 metr uzunlikdagi kabellarini, narxi 6.368.448 so‘mni tashkil etuvchi KG-36-066 markali 140 metr uzunlikdagi kabellarini hamda narxi 20.700.000 so‘mni tashkil etuvchi SBU-100G dastgohining AIR132 S6-U3 markali, 4 dona elektrodivigatellarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, jamiyatga jami 47.234.848 so‘mlik ancha miqdorda moddiy zarar yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxslarga nisbatan Karmana tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida, ushbu jinoyatni muqaddam bir necha marotaba sudlangan 41 yoshli H.G‘., 23 yoshli J.B., va 35 yoshli J.P.,lar sodir etganliklari aniqlanib, ular JKning 169-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan.
Dastlabki tergov jarayonida gumon qilinuvchilardan SBU-100G dastgohining AIR132 S6-U3 markali, 4 dona elektrodivigatellari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti