O‘zbeklarda bir naql bor: uy olma, qo‘shni ol
Jizzax viloyati. 2022 yilning 17 yanvar kuni Jizzaxlik 66 yoshli Q.Q. shahar IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, arizasida joriy yilning 2 yanvardan 16 yanvar kuniga qadar Madaniyat mahallasida joylashgan yashash uyida hech kim bo‘lmaganligidan foydalanib, nomaʼlum shaxslar mazkur xonadonga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, xonasida bo‘lgan bir dona 1.200.000 so‘mlik “Roison” rusumli televizorini, bir dona 400.000 so‘mlik “Vitek” mikroto‘lqinli isitkichini hamda bir dona 600.000 so‘mlik “Vitek” nomli elektr isitkichni o‘g‘irlab ketganligini bildirib, nomaʼlum shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida ushbu jinoyatni muqaddam bir necha marotaba sudlangan, jabrlanuvchi bilan bir ko‘chada yashab kelayotgan 38 yoshli S.R. sodir etganligi aniqlanib, undan fuqaro Q.Q.,.ga tegishli bo‘lgan bir dona “Roison” nomli televizor, bir dona “Vitek” mikroto‘lqinli isitkich xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan S.R.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti