O‘g‘irlangan 16 dona telefonlar tergov yo‘li bilan jabrlanuvchiga qaytarildi
Namangan. 2020 yilning 12 oktyabr kuni nomaʼlum shaxs Pop tumani “G‘urumsaroy” MFYda joylashgan fuqaro 20 yoshli Nabijon F.,ga qarashli “Pop Grand Kredit Savdo” MCHJning G‘urumsaroy filiali savdo do‘koniga eshik qulfini buzish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, rastada bo‘lgan umumiy narxi 16 810 400 so‘mlik turli rusumdagi 16 dona telefon apparatlarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.
Ushbu holat yuzasidan Pop tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan 14.10.2020 yilda nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “a,G” bandlari (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov-tezkor qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatini voyaga yetmagan 15 yoshli Oybek B., sodir etilganligi aniqlangan hamda undan o‘g‘irlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan 16 dona uyali telefon apparatlari va eshik qulfini buzishda foydalangan temir mix sug‘irgich ashyoviy dalil tariqasida protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
voyaga yetmagan Oybek B., jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan “kuzatuv ostiga topshirish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Jinoyat ishi 28.11.2020 yilda Jinoyat-protsessual kodeksining 381-moddasi tartibida ayblov xulosasi bilan sud muhokamasiga yuborilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti