Namanganda o‘g‘rini temir seyf ham to‘xtatib qolmadi
Namangan viloyati. 2021 yilning 13 yanvar kuni soat 09:00 dan 13:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida, nomaʼlum shaxs, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, Yangiqo‘rg‘on tumani, “Zarbdor” MFY, Farovon ko‘chasida istiqomat qiluvchi Baxtiyor I., ning yashash xonadoniga temir panjarasini buzib, yashash uyining deraza oynasini sindirib, g‘ayriqonuniy ravishda kirib, ushbu xonadonda bo‘lgan temir qutini (seyf) buzib, uning ichida bo‘lgan 1.250 AQSH dollari, 6.000 Rossiya rubli va 3.000 Qirg‘iz so‘mini o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan Yangiqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “G” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan dastlabki tergov va tezkor tadbir davomida mazkur jinoyatni Yangiqo‘rg‘on tumani, “Zarbdor” MFY., da istiqomat qiluvchi Ortiqmirza X. sodir etganligi aniqlangan.
Jinoyat ishi doirasida Ortiqmirza X., so‘roq qilinganida, u uz aybiga to‘liq iqror bo‘lib, o‘g‘irlangan pullarga 1 dona “Artel” rusumli televizor, 1 dona “Samsung” rusumli telefon maishiy texnikalar sotib olganligini maʼlum qilgan. Bundan tashqari Ortiqmirza X.,dan 200 AQSH dollari xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti