Voyaga yetmagan sotuvchini qo‘rqitib, do‘kondagi pullarni va telefon apparatini olib ketgan bosqinchilar aniqlandi
Andijon viloyati. 2023 yil 22 iyul kuni 56 yoshli S.N. Oltinko‘l tumani IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda joriy yilning 16 iyul kuni soat 00.30 larda ikki nafar nomaʼlum shaxs unga tegishli “Mehnat” MFY hududida joylashgan savdo do‘koniga kirib, do‘konda bo‘lgan voyaga yetmagan 15 yoshli jiyani J.A.ni qo‘llari bilan urib, pichoq bilan qo‘rqitib, unga tegishli bo‘lgan “Xiaomi” mobil telefoni, savdo do‘konida bo‘lgan 700.000 so‘m pullarini hamda qiymati 364.000 so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarini talon-toroj qilishganligini maʼlum qilib, nomaʼlum shaxslarni aniqlab, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rib berishni so‘ragan.
Olib borilgan tergov-tezkor ishlari natijasida, mazkur jinoyatni Andijon shahrida yashovchi muqaddam sudlangan 21 yoshli E.J. hamda voyaga yetmagan 16 yoshli M.I.lar sodir etganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Oltinko‘l tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan E.J. va M.I.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 164-moddasi 2-qismi «a,b» bandlari (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilar protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash joizki, Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, jinoyatni sodir etgan shaxs 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Muallif: Tergov departamenti katta tergovchisi
mayor S.Berdiyev
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti