1.000 АQSh dollarini tovlamachilik yoʼli bilan talab qilgan shaxs ushlandi
Qashqadaryo. 33 yoshli X.N. Qashqadaryo viloyati IIB ga ariza bilan murojaat qilib, oʼz arizasida hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasi, Ufa shahrida ishlab kelayotganligini, joriy yilning fevralь oyida “Telegram” ijtimoiy tarmogʼi orqali “S” ismli shaxs bilan tanishib qolganligini, u bilan ijtimoiy tarmoq orqali oʼzaro yozishib, gaplashib turishini, shu vaqt oraligʼida “Telegram” ijtimoiy tarmogʼi orqali unga oʼzining bir nechta fotosurat va videolarni yuborganligini, oradan vaqt oʼtib “S” ismli shaxs ushbu fotosurat va videolarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib yuborishini aytib, uni qoʼrqitib, fotosurat va videolarni tarqatib yubormaslik evaziga undan 1.000 АQSh dollari miqdorda pul mablagʼi talab qilib kelayotganligini, hozirda oʼzi Rossiya Federatsiyasida boʼlganligi sababli, 21 yoshli tanishi U.O. “S” ismli shaxsni jinoyat ustida qoʼlga olishda yordam berishini aytib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora koʼrishni soʼragan.
Mazkur ariza yuzasidan joriy yilning 28 iyun kuni soat 14:40 da IIB xodimlari tomonidan Qarshi shahar I.Karimov koʼchasida joylashgan “Sharq ziyokori” savdo binosi yaqinida oʼtkazilgan tezkor-tadbir davomida, Qamashi tumanida yashovchi 24 yoshli S.А. tadbirda ishtirok etayotgan fuqaro U.O., dan kimyoviy ishlov berilgan 900 АQSh dollari miqdordagi pul mablagʼini olib, evaziga fuqaro fotosurat va videolarini oʼchirib yuborish uchun oʼziga tegishli “Samsung J8” rusumli uyali aloqa vositasini U.O., ga taqdim qilgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Qarshi shahar IIB huzuridagi Tergov boʼlimi tomonidan S.А., ga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti