Qariya ayolni tunagan shaxslar ushlandi
Qashqadaryo. 2020 yilning 18 yanvar kuni taxminan 16:45 larda nomaʼlum shaxslar, Shaxrisabz tumani Mehrigiyo koʼchasida ketayotgan 56 yoshli S.А.ga hayot yoki sogʼliq uchun xavfli boʼlmagan zoʼrlik ishlatib, uning qoʼlidagi ichida 4.400.000 soʼm naqd pullari va 4 turdagi tilla taqinchoqlari boʼlgan sumkasini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringanlar. Bu holatdan qoʼrqqan S.А. darrov IIBga murojaat qilmagan va biroz vaqt oʼtganidan soʼng 2020 yilning 25 yanvar kuni Shaxrisabz shahar IIBga ariza bilan murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Shaxrisabz shahar IIB huzuridagi Tergov boʼlimi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 1-qismi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida, ushbu jinoyatni 37 yoshli Ch.X. va S.M.lar, 27 yoshli M.M., 25 yoshli S.U. va 24 yoshli А.X.lar sodir qilganliklari aniqlanib, ular jinoyat ishida JKning 166-moddasi 2-qismi “v” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan talonchilik) bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlanganlar. Gumon qilinuvchi Ch.X.dan tilla taqinchoqlar ashʼyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti