Bir bosh qora molni o‘g‘irlagan 3 nafar shaxslar ushlandi.
2020 yil 06 fevral' kuni Zafarobod tumanida yashovchi 51 yoshli A.U. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda o‘zining uyidan bir bosh qora molini o‘g‘irlab ketilganligini ma'lum qilgan. Mazkur holat yuzasidan Zafarobod tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirib sodir etilgan o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, mazkur jinoyatni Arnasoy tumanida yashovchi 30 yoshli Sh.X., 29 yoshli A.K. va B.Yo.,lar sodir etganliklari aniqlangan. Ushbu 3 nafar g‘araz niyatli shaxslar Zafarobod tumaniga “Nexia” rusumli avtomashinada kelishgan va ko‘prikning pastki tomoniga to‘xtab, katta ariq ustidan o‘tuvchi truba orqali A.U.,ning yashash xonadoniga kirib, molxonasida bo‘lgan bir bosh qoramolini avtomashina yukxonasiga joylashtirib yashirin ravishda o‘g‘irlab, qoramolni 2.000.000 so‘mga sotib yuborganliklari aniqlangan.
Jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, o‘g‘irlangan qora mol jabrlanuvchiga qaytarib berilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti