Ilgari olingan suratlari ancha vaqtgacha xotirasida qoladigan bo‘ldi
Samarqand viloyati. 2021 yilning 23 aprel kuni soat 13:00 da 30 yoshli Q.Ozodjon Narpay tumani A.Temur mahallasidan oqib o‘tuvchi “Qoziariq” kanalining yonida tanishi 28 yoshli R.Feruzaning nojo‘ya ko‘rinishdagi suratlarini tarqatish bilan tahdid qilib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yubormasligi evaziga 1 500 000 so‘m pul talab qilib, ushbu pullardan 1 000 000 so‘m pullarni tovlamachilik yo‘li bilan olayotgan vaqtida Narpay tumani IIB JQB xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, undan kimyoviy ishlov berilgan 1 000 000 so‘m pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, Q.Ozodjon2021 yil aprel oyining boshlarida R.Feruzaning nojo‘ya ko‘rinishidagi rasmlarini telefonidan o‘chirib tashlash evaziga 300 000 so‘m pullarni tovlamachilik yo‘li bilan olganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Narpay tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Q.Ozodjonga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Hozirda tergov davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti