Jarohat yetkazilgan pichoq kanalga oqizib yuborilgan, shu sababli uni olib qoʼyishni imkoni boʼlmadi
Namangan. 2020 yilning 18 dekabrь kuni soat 22:45 da Namangan shahar, “Porloq” MFY, 3-kichik tumanida joylashgan “Karavan” nomli kafe hovlisida 21 yoshli Sherzod X., jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, atrofdagilarni tinchini buzib, oʼtkir kesuvchi jismni namoyish qilib, uni qoʼllab, 24 yoshli Ibroxim Gʼ.,ni urib-doʼpposlab, tan jarohati yetkazgan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga koʼra, Ibroxim Gʼ.,ning tanasida “qorin old devori, qorin boʼshligʼiga kirib boruvchi, oʼtkir predmetdan sanchilgan-kesilgan” tan jarohatlari “ogʼir” tan jarohatlari turkumiga kirishi aniqlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida Namangan shahrida joylashgan “Karavan” nomli kafesi tashqi hovlisiga oʼrnatilgan kuzatuv kamerasiga yozilgan videotasvirlar bayonnoma orqali ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan shahri boʼyicha IIO FMB huzuridagi Tergov boʼlimi tomonidan Sherzod X., ga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “e” bandi (qasddan badanga ogʼir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, Sherzod X., JKning 104-moddasi 2-qismi “e” bandi bilan sodir etganlikda gumon qilinuvchi tarikasida ishtirok etishga jalb qilingan hamda unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʼllanilgan. Soʼroq jarayonida, Sherzod X., fuqaro Ibroxim Gʼ.,ga tan jarohati yetkazgan pichoqni kanaldagi suvga tashlab yuborganligini maʼlum qilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti